ResearchBib Share Your Research, Maximize Your Social Impacts
Sign for Notice Everyday Sign up >> Login

Bolalar teatri 2025 - BOLALAR DUNYOSIGA YANGICHA NIGOH

Date2025-02-10 - 2025-02-16

Deadline2024-02-11

VenueOnline, Uzbekistan Uzbekistan

KeywordsTheatre; art; education; Teatr; bolalar; yosh tomoshabi; IT texnologiya

Websitehttps://www.onlaynjurnal.uz/news/123

Topics/Call fo Papers

Joriy yilning 25-30-aprel kunlari O‘zbekistonda ilk bor “XXI asr bolalari” xalqaro bolalar teatrlari IT festivali boʻlib oʻtdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – raqamli texnologiyalar orqali spektakllarni bolalar uchun yanada qiziqarli va chiroyli ko‘rinishda taqdim etish hamda turli mamlakatlardan kelgan yosh ijodkorlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratishdan iborat. Festivalda Belarus, Ozarbayjon, Qalmog‘iston Respublikasi (Rossiya), Gruziya, Kipr kabi davlatlardan kelgan 60 ga yaqin aktyor hamda rejissyorlarning spektakllari Respublika yosh tomoshabinlar teatri, O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri hamda IT Parkda namoyish etildi, ijodkorlarning innovatsion sohadagi yutuqlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Festival debochasini Respublika yosh tomoshabinlar teatrida Barot Hasanovning «Game over» spektakli ochib berdi. Malika Iskandarova tomonidan sahnalashtirilgan mazkur sahna asari bolalar o‘rtasida bugun global muammoga aylanib ulgurgan kompyuter oʻyinlariga ruju qo‘yish va uning salbiy oqibatlari haqida hikoya qiladi. Spektakl bosh qahramoni virtual olamga sayohat qilib, u yerda kompyuter o‘yinlaridagi qahramonlar bilan uchrashadi va ular aslida faqat salbiy ta’sirga egaligiga guvoh bo‘ladi. Farzandlarining boʻsh vaqtini toʻgʻri taqsimlay olmagan ota-onalarni ogohlikka chorlovchi spektakl festival delegatsiyasi tomonidan iliq kutib olindi. Festivalning ikkinchi kunida Ozarbayjon yosh tomoshabinlar teatrining «Umid qoʻshigʻi» spektakli namoyish etildi. Spektakl rejissyori Nijat Mir Kazimov sahna asarini psixologik drama janrida talqin qilishda Sevinj Aziz, Sanan Kazimov, Nurlan Sulaymonli, Husayn Bayramov, Sabina Mammadzada kabi aktyorlar mahoratidan unumli foydalanib, spektakl hayotiyligini ta’minlagan. Autizm sindromi bilan tug‘ilgan bola va uning oilasi o‘rtasidagi munosabatlar orqali spektaklda o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash qanchalik muhimligi, oddiy tasalli beruvchi so‘zlar kishiga qiyin vaziyatlarda qanchalik umid bag‘ishlashi va aynan shu umid uchquni insonga qayta hayot in’om etuvchi qo‘shiqqa aylanishi ochib beriladi. Bu qo‘shiq ovozi zilzila paytida vayronalar ostida qolgan oilaning najoti bo‘ldi. Spektakldagi imkoniyati cheklangan bolaning ijrosi, uning dardiga darmon bo‘lishni istagan onasi hamda akasining ta’sirchan chiqishlari tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Spektaklga Toshkentdagi 37-sonli maktab oʻquvchilari ham yordamga taklif etildi. Bosh qahramon dardining ularga begona emasligi, murakkab hayotiy vaziyatlarda ham kurashga o‘zida kuch topish va katta orzu-umidlar bilan oldinga intilishga turtki berishi shubhasiz. Shundan ko‘rinadiki, teatr san’ati vositasida imkoniyati cheklangan bolalarga hayotda o‘z o‘rinlarini topishga motivatsiya berish mumkin, buning uchun «Umid qo‘shig‘i» spektakli mavzusiga o‘xshash sahna asarlari qamrovini oshirish kerak. Odatda, bolalar teatrlari aktyorlari yosh tomoshabinlarning diqqatini tortish maqsadida ijroda biroz mubolagʻa qoʻshadi. Biroq Ozarbayjon aktyorlari tomoshabinga sahnada haqiqiy hayot tarzini boricha ko‘rsatishga haraka qildi. Bosh qahramon obrazini gavdalantirgan aktyor o‘z rolini shu qadar tabiiy ijro etdiki, zaldagi imkoniyati cheklangan bolalar uning ijrosini olqishlar bilan e’tirof qildilar. Spektakl bolalarga dunyoda yolgʻiz emasliklarini anglatish bilan bir qatorda, ular ham o‘zlari istagan orzulariga yetishlari mumkinligini koʻrsata oldi va haqiqiy umid qoʻshigʻiga aylandi. Shu kuni Gruziyadagi Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi davlat markaziy bolalar teatri ijodkorlari tomonidan Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatrida «Odisseya» nomli spektakl namoyish etildi. Rejissyor Avtandil Diasamidze boshchligidagi Keti Kantariya, Xatia Melkadze, Nikoloz Paikridze, Vaxtang Nozadze kabi ijodkorlar jamoasi sahnalashtirgan spektaklda Yunonistonga sayohat qilgan bir kashfiyotchi otaning boshidan kechirgan sarguzashtlari o‘rin olgan. Ushbu asar festival doirasidagi spektakllar ichida axborot texnologiyalaridan to‘laqonli foydalana olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Qahramonning virtual olam bilan muloqoti kompyuter grafikasi yordamida mukammal sahnalashtirilgan. Aytish joizki, bunday spektakl aktyordan hushyorlikni talab qiladi. Negaki, mavjud videoyozuvdan kerakli joyda foydalanishga ulgurmasa yoki aktyor avvalroq harakat qilsa, spektaklning voqealar rivojiga salbiy ta’sir oʻtkazishi mumkin. Bu vaziyatda har bir soniya ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tomosha avvalida bosh qahramon Zevsning yordamchisi Hermes bilan virtual olam orqali muloqot oʻrnatadi va «Odisseya» asarining ichiga kirib qolib, u yerda yovuz qahramonlar bilan olishadi. Ushbu voqealarning bari sahna markazidagi monitorda, harakatlar ketma-ketligida sodir boʻladi. Festival ishtirokchilari orasida Qalmogʻiston Respublikasi drama teatri jamoasi ham bolalar uchun zamonaviy texnologiyalar yordamida sahnalashtirilgan «Virtual olamdagi musofirlar» nomli spektakli bilan ishtirok etdi. Spektaklda bolalar sevib tomosha qiladigan jahonga mashhur multfilm qahramonlaridan foydalanilgan. Unda bosh qahramon hamda buvisining virtual olamda boshidan kechirgan voqealari aks etadi. Ushbu spektaklda aktyorlar monitordagi qahramonlar bilan muloqotga kirishar ekan, monitor tasvirlari bilan aktyorlar ijrosida sezilarli farqlar uchraydi. «XXI asr bolalari» birinchi xalqaro bolalar teatrlari IT festivalida «Tomosha» bolalar musiqiy teatr-studiyasi oʻquvchilari ham «Men yoki sen?» nomli spektakli bilan qatnashdi. Spektakl bir oilada voyaga yetgan egizak farzandlarning turli xil qiziqishlari haqida bo‘lib, robot Alisa erinchoq Zuhraning barcha vazifalarini bajarib boradi. Bu holat Zuhraga ma’qul kelmay, «Haqiqiy Zuhra menman!» degan xulosaga keladi. Turli texnologik effektlar fonida sahnalashtirilgan raqslar spektaklni yanada jonlantirib, maroqli tomoshaga aylantirgan. Festival doirasida Belarus davlat akademik yosh tomoshabinlar teatrining «Enter summer» spektakli namoyish etildi. Bosh qahramon Garik Ivanovning virtual o‘yinlarga haddan tashqari ishtiyoqi uni kompyuter dunyosiga olib kiradi. So‘ngra voqealar davomida Garik uyiga qaytishga chora izlaydi. Spektaklning shu mavzudagi boshqalaridan farqi, unda tomoshabinlar bilan aktyorlar oʻrtasida muloqot oʻrnatilgan. Bu holat jajji tomoshabinlarni nihoyatda zavqlantirdi. Qahramonlarni Nikita Klyutko, Marta Shantar, Yekaterina Krilova, Andrey Kolomiets kabi aktyorlar gavdalantirdi. Festivalning so‘nggi kunida kiprlik ijodkorlarning «Still» nomli spektakli jajji muxlislar uchun taqdim qilindi. Asar muallifi va prodyuseri Stavros Stavru, rejissyor va xoreograf Kostas Silvestros sahnalashtirgan tomosha pantomima ko‘rinishida bo‘lib, aktyorlar jonli musiqa ostida harakat qiladi. Unda Panayotis Tofi, Teodora Ekonomu, Konstantina Andreu, Anna Fotiadu, Vasilisa Petinarisa singari ijodkorlar o‘z vazifalarini mahorat bilan bajargan.Hayrat va havasga sabab bo‘lgan, teatrlar o‘rtasida ijodiy aloqlarni yangilagan «XXI asr bolalari» xalqaro bolalar teatrlari + IT festivali 30-aprel kuni yakuniga yetdi. Festivalda 4 mamlakat B.Basangov nomidagi milliy dramatik teatr (Rossiya Federatsiyasining Qalmog‘iston Respublikasi), «STILL» teatr jamoasi (Kipr), Ozarbayjon davlat yosh tomoshabinlar teatri, Belarus davlat akademik yosh tomoshabinlar teatrlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Last modified: 2025-02-10 16:40:59